Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan yoki olib chiqiladigan va tadbirkorlik faoliyati uchun moʻljallanmagan tovarlar jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib oʻtiladigan tovarlar hisoblanadi. Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib oʻtiladigan tovarlar bojxona chegarasi orqali soddalashtirilgan tartibda va ushbu bobda nazarda tutilgan imtiyozlar qoʻllanilgan holda olib oʻtiladi. Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan tovarlarning qanday maqsadga moʻljallanganligini aniqlashda quyidagilar hisobga olinadi: tovarlarning miqdori, bunda tovarlarni olib oʻtayotgan jismoniy shaxs va uning oila aʼzolari ehtiyojlaridan ortiq miqdordagi bir turdagi tovarlarga, agar tovarlarni olib oʻtayotgan shaxs aksini isbotlab bermasa, tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun olib kirilayotgan tovarlar deb qaraladi; tovarlarni olib oʻtishning takroriyligi, bunda ayni bir shaxs tomonidan bir turdagi tovarlarning bir necha bor olib kirilishiga, agar tovarlarni olib oʻtayotgan shaxs aksini isbotlab bermasa, tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun tovarlarni olib kirish deb qaraladi; safarning holatlari, bunda safarning maqsadi va uning davomiyligi hisobga olinadi.