Bojxona kodeksi 162-modda. Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib oʻtiladigan tovarlarni deklaratsiyalash

Jismoniy shaxslar qoʻl yukida va kuzatib borilayotgan bagajida notijorat maqsadlarda olib oʻtayotgan tovarlarni deklaratsiyalash jismoniy shaxslar tomonidan ular bojxona chegarasi orqali oʻtayotganda tovarni taqdim etish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi. Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsning qoʻl yukida va kuzatib borilayotgan bagajida olib oʻtilayotgan tovarlar ularni kuzatib borayotgan shaxs tomonidan deklaratsiyalanadi. Jismoniy shaxslar tomonidan olib oʻtilayotgan tovarlarni deklaratsiyalash maqsadida bojxona hududiga kirib kelish yoki ushbu hududdan chiqib ketish joylarida ikki yoʻlakli tizim qoʻllanilishi mumkin. Ikki yoʻlakli tizimning qoʻllanilishi bojxona operatsiyalarini bajarish uchun notijorat maqsadlardagi tovarlarni deklaratsiyalash shakli sifatida “yashil” yoki “qizil” yoʻlakning bojxona chegarasi orqali oʻtayotgan jismoniy shaxs tomonidan mustaqil ravishda tanlanishini nazarda tutadi. “Yashil” yoʻlak kirib kelish va chiqib ketish joylarida maxsus belgilangan, jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlardagi qoʻl yuki va kuzatib borilayotgan bagajidagi tovarlarini bojxona chegarasidan olib oʻtishi uchun moʻljallangan joy hisoblanadi. Mazkur tovarlar ogʻzaki tarzda deklaratsiyalanadi, bundan olib kirilishi yoki olib chiqilishi qonunchilikka muvofiq taqiqlangan yoxud cheklangan tovarlar, shuningdek qiymati va (yoki) miqdori qonunchilikda belgilangan bojsiz olib kirish normasidan oshib ketgan tovarlar mustasno. Jismoniy shaxsning “yashil” yoʻlak orqali oʻtishi bojxona maqsadlari uchun ushbu shaxsda yozma ravishda deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan tovarlar yoʻqligini bojxona organiga maʼlum qilish deb qaraladi. “Qizil” yoʻlak kirib kelish va chiqib ketish joylarida maxsus belgilangan, jismoniy shaxslarning yozma shaklda deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan qoʻl yuki va kuzatib borilayotgan bagajidagi tovarlarini, shuningdek deklaratsiyalanishi jismoniy shaxsning ixtiyoriga koʻra amalga oshiriladigan tovarlarni bojxona chegarasidan olib oʻtishi uchun moʻljallang