Bir kalendar oy mobaynida quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali bojxona chegarasidan olib oʻtiladigan tovarlarning bojxona toʻlovlari tovarlar yetkazib berilgan oyning oxirgi kunida amalda boʻlgan bojxona toʻlovlari stavkalari boʻyicha, bojxona yuk deklaratsiyasi berilgan kundan kechiktirmay toʻlanadi. Bunda quvur transportida va elektr uzatish liniyalari orqali bojxona chegarasidan bir kalendar oy mobaynida olib oʻtiladigan tovarlarning qiymati bojxona toʻlovlarini hisoblab chiqarish uchun tovarlar yetkazib berilgan oyning oxirgi kunidagi valyutaning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan rasmiy ayirboshlash kursi boʻyicha aniqlanadi. Bojxona chegarasidan quvur transportida olib oʻtiladigan tovarlarning bojxona toʻlovlari bojxona yuk deklaratsiyasi qabul qilinguniga qadar yoki uni qabul qilish bilan bir vaqtda toʻlanadi. Quvur transportida olib oʻtiladigan tovarlarga muvaqqat bojxona yuk deklaratsiyasi berilgan taqdirda, bojxona toʻlovlari muvaqqat bojxona yuk deklaratsiyasi qabul qilinguniga qadar yoki uni qabul qilish bilan bir vaqtda toʻlanadi. Agar toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlarining summasi maʼlumotlarni aniqlashtirish natijasida oshsa, summaning oshgan qismi yuzasidan qoʻshimcha toʻlov bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etish bilan bir vaqtda amalga oshirilishi kerak. Bunday hollarda penya hisoblanmaydi. Bojxona toʻlovlarining ortiqcha toʻlangan summalarini qaytarish ushbu Kodeksning 49-bobiga muvofiq amalga oshiriladi.