Bojxona koʻzdan kechiruvi bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan transport vositalarining boʻlimlarini, tovarlarning oʻrov-idishini ochmagan, koʻzdan kechirilayotgan obyektlarni va ularning qismlarini boʻlaklarga ajratmagan va boshqa yoʻllar bilan ularning butligini buzmagan holda tovarlarning va (yoki) transport vositalarining, xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarining hamda jismoniy shaxslar bagajining, shuningdek yuk ortilgan idishlarni, konteynerlarni, bojxona identifikatsiyalash vositalarining tashqi koʻrinishini koʻzdan kechirish orqali amalga oshiriladi. Bojxona koʻzdan kechiruvi bojxona nazorati ostidagi tovarlar va (yoki) transport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, tovarlarda, yuk ortilgan idishlarda, transport vositalarida va transport vositalarining boʻlimlarida plombalar, muhrlar va boshqa bojxona identifikatsiyalash vositalari mavjudligini tasdiqlash maqsadida amalga oshiriladi. Bojxona nazorati zonasida bojxona koʻzdan kechiruvi vakolatli shaxslar ishtirokisiz oʻtkazilishi mumkin, bundan mazkur shaxslar bojxona koʻzdan kechiruvida hozir boʻlish istagini bildirgan hollar mustasno. Bojxona koʻzdan kechiruvi natijalariga koʻra: toʻgʻri deklaratsiyalangan taqdirda — tegishli tovarning kuzatuv hujjatlari rasmiylashtiriladi; tovarning notoʻgʻri deklaratsiyalanganligi fakti aniqlangan taqdirda — bojxona koʻrigi amalga oshiriladi.