Bojxona kodeksi 207-modda. Bojxona organlari tomonidan xavfni baholash va boshqarish

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bojxona ishi sohasida huquqbuzarliklar sodir etilganligi toʻgʻrisidagi, shu jumladan tekshiruvlar amalga oshirilishi bosqichida turgan, shuningdek protsessual qaror qabul qilingan barcha huquqbuzarlik faktlari haqidagi statistik va tezkor axborotni toʻplaydi, umumlashtiradi hamda tahlil qiladi. Xavf profillari va ularni aniqlash hamda qoʻllash muddatlari, mezonlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi. Xavf profillaridan bojxona nazorati oʻtkazilayotganda bojxona nazorati shakllarini qoʻllash uchun bojxona organlari tomonidan foydalaniladi va ular tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib oʻtishni cheklash uchun asos boʻla olmaydi. Eng kam yoki eng koʻp xavf toifasiga kiritish, shuningdek bojxona tartib-taomillari ayrim turlarining hamda bojxona nazorati ayrim shakllarining qoʻllanilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda belgilanadi. Xavfning belgilangan profillari va indikatorlari tarkibi bojxona organlari tomonidan foydalanish uchun moʻljallangan va boshqa shaxslarga oshkor etilishi mumkin emas, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.