Bojxona kodeksi 21-modda. Bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi

Bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlar va transport vositalari bojxona nazoratidan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilishi kerak. Bojxona nazorati Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga rioya etilishini taʼminlash uchun bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladigan, shu jumladan xavfni boshqarish tizimi qoʻllanilgan holda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmuidan iboratdir. Bojxona chegarasidan olib oʻtiladigan tovarlar va transport vositalari ustidan bojxona nazoratini taʼminlash uchun bojxona organlarining mansabdor shaxslari tomonidan oʻtkaziladigan bojxona operatsiyalari majmui bojxona rasmiylashtiruvi hisoblanadi. Bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilayotganda bojxona organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qonunchilikda nazarda tutilmagan taqiqlar va cheklovlarni belgilashga haqli emas.