Bojxona kodeksi 220-modda. Tovarni yetkazib berishning nazorat hujjati

Tovarni bojxona nazorati ostida yetkazib berish ustidan nazorat tranzit deklaratsiyasi yordamida amalga oshiriladi. Tranzit deklaratsiyasi bojxona hududi boʻylab bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan, tovar kelib tushadigan bojxona organigacha yetkazib berilganligi nazoratini bojxona organlari tomonidan amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatdir. Tranzit deklaratsiyasi bir yoki bir nechta tovarning kuzatuv hujjatlari boʻyicha tashiladigan tovarning har bir turkumi yoki tovarlarning bir nechta turkumi uchun rasmiylashtiriladi. Olib chiqilayotgan tovarlarni bojxona nazorati ostida yetkazib berish ustidan nazorat bojxona yuk deklaratsiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi (bundan jismoniy shaxslar tomonidan doimiy yashash joyi oʻzgarganligi munosabati bilan bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan shaxsiy mol-mulk mustasno). Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda, tranzit deklaratsiyasi sifatida mazkur shartnomalarda belgilangan hujjatlardan foydalaniladi.