Tovarlarga doir bojxona deklaratsiyasi bojxona deklaratsiyasini qabul qilib olish vakolatiga ega boʻlgan istalgan bojxona organiga taqdim etilishi mumkin. Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tovarlarning va (yoki) transport vositalarining ayrim toifalarini deklaratsiyalash quyidagilarga bogʻliq holda faqat muayyan bojxona organlarida amalga oshirilishi kerakligini belgilaydi: madaniy boyliklarning, qurol-yarogʻning, harbiy texnikaning va oʻq-dorilarning, radioaktiv materiallarning bojxona rasmiylashtiruvi uchun maxsus asbob-uskunalar va (yoki) maxsus bilimlar qoʻllanilishi zarurligiga; tovarlarni xalqaro tashish uchun foydalaniladigan transportning turiga (avtomobil, havo, temir yoʻl, daryo, quvur transporti va elektr uzatish liniyalari); bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikning bir necha marta buzilishi hollari qayd etilgan yoki iqtisodiy siyosat choralari belgilangan tovarlarning alohida turlariga; tarkibida intellektual mulk obyektlari boʻlgan tovarlarga. Tovarlarni tashiyotgan transport vositalari tovarlar bilan bir vaqtda deklaratsiyalanadi. Yuksiz transport vositalari va yoʻlovchilarni tashiyotgan transport vositalari bojxona chegarasini kesib oʻtayotganda deklaratsiyalanadi. Daryo va havo kemalari bojxona hududiga kelish joyidagi daryo portida yoki aeroportda yoxud bojxona hududidan ketish joyidagi daryo portida yoki aeroportda deklaratsiyalanadi.