Bojxona kodeksi 262-modda. Dastlabki deklaratsiyalash

Tovarlarni dastlabki deklaratsiyalash ularni bojxona hududiga yetib kelguniga qadar deklaratsiyalash boʻlib, u deklarantning xohishiga koʻra qoʻllanilishi mumkin. Agar bojxona maqsadlari uchun tovarning kuzatuv hujjatlaridan foydalanish nazarda tutilsa, dastlabki bojxona deklaratsiyasiga ushbu hujjatlarning deklarant tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusxalari ilova qilinadi va, zarur boʻlgan hollarda, tovarlar bojxona hududiga yetib kelganidan keyin bojxona organi hujjatlarning koʻchirma nusxalarida koʻrsatilgan maʼlumotlarni hujjatlarning asl nusxasidagi maʼlumotlar bilan taqqoslaydi. Tovarlar bojxona hududiga kelguniga qadar maʼlumotlarni taqqoslash tugallanganidan va tegishli bojxona toʻlovlari toʻlanganidan yoki ushbu Kodeksning 47-bobiga muvofiq bojxona toʻlovlarini toʻlash taʼminoti taqdim etilganidan keyin dastlabki bojxona deklaratsiyasidan tovarlarga bojxona operatsiyalari qoʻllanilishi uchun zarur yagona hujjat sifatida foydalaniladi, bundan deklaratsiyada barcha zarur maʼlumotlarning koʻrsatilmaganligi va (yoki) bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur hujjatlarning toʻliq hajmda taqdim etilmaganligi hollari mustasno. Agar dastlabki bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kun ichida unda koʻrsatilgan tovarlar bojxona organiga taqdim etilmagan boʻlsa, dastlabki bojxona deklaratsiyasi berilmagan deb hisoblanadi.