Tovarlar va transport vositalari muayyan bojxona rejimiga joylashtirilguniga qadar, shu jumladan bojxona nazorati ostida tovarlar tashilayotganda qisqa bojxona yuk deklaratsiyasi qoʻllaniladi. Qisqa bojxona yuk deklaratsiyasi tashuvchi yoki vakolatli shaxs tomonidan bojxona organiga tovar bojxona hududiga yetib kelgan joyda tovarni taqdim etish yoki tovar kelib tushadigan bojxona organiga tovarni yetkazib berish bilan bir vaqtda beriladi. Agar tashuvchi yoki vakolatli shaxs uni toʻldirish uchun barcha zarur hujjatlarga ega boʻlmasa, qisqa bojxona yuk deklaratsiyasi tovar taqdim etilgandan soʻng keyingi ish kunidan kechiktirmay tashuvchi yoki vakolatli shaxsning arizasi asosida beriladi. Qisqa bojxona yuk deklaratsiyasi sifatida transport, tijorat hujjatlaridan, shu jumladan xalqaro tashishlar amalga oshirilayotganda qoʻllaniladigan, chet tillarda tuzilgan va quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan hujjatlardan foydalaniladi: transport hujjatlariga muvofiq tovarni joʻnatuvchining (qabul qiluvchining) nomi va joylashgan yeri; tovar joʻnatilgan mamlakat va kelib tushadigan mamlakat; tovarning nomi; tovarning miqdori, shu jumladan tovarlarning brutto/netto ogʻirligi (kilogrammlarda) yoki tovarlarning hajmi (metr kublarda); yuk joylarining soni, tovarning oʻrash-joylash hamda tamgʻalash xususiyati va usullari; tovarning faktura (maʼlum qilingan) qiymati; Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasiga muvofiq tovarning kamida oltita belgi darajasidagi tasnifiy kodi haqidagi maʼlumotlar.