Bojxona kodeksi 269-modda. Toʻliq boʻlmagan bojxona yuk deklaratsiyasi

Agar deklarant yoki bojxona brokeri oʻziga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra deklaratsiyani toʻldirish uchun barcha zarur axborotga ega boʻlmasa, toʻliq boʻlmagan bojxona yuk deklaratsiyasi tovarni identifikatsiyalash imkoniyati boʻlishi sharti bilan berilishi mumkin. Toʻliq boʻlmagan bojxona yuk deklaratsiyasi ushbu Kodeks 22-moddasi ikkinchi qismining “v” , “d” va “e” bandlarida koʻrsatilgan hollarda berilishi mumkin. Toʻliq boʻlmagan bojxona yuk deklaratsiyasiga deklarant yoki bojxona brokeri, agar bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikda alohida maʼlumotlarni taqdim etish uchun boshqa muddat nazarda tutilmagan boʻlsa, toʻliq boʻlmagan bojxona yuk deklaratsiyasi bojxona organi tomonidan qabul qilib olingan kundan eʼtiboran oltmish kalendar kundan ortiq boʻlmagan muddatda yetishmagan maʼlumotlarni va lozim darajada toʻldirilgan bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etish haqidagi yozma majburiyatni ilova qiladi. Toʻliq boʻlmagan bojxona yuk deklaratsiyasi qoʻllanilgan holda deklaratsiyalashda lozim darajada toʻldirilgan bojxona yuk deklaratsiyasi avval boshda berilganidagi kabi bojxona organlarining zimmasiga qonunchilikning qaysi talablari va shartlari bajarilishi ustidan nazorat qilish vazifasi yuklatilgan boʻlsa, oʻsha talablar va shartlar, shu jumladan bojxona toʻlovlarini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi qoʻllaniladi.