Quyidagi shartlarga rioya etilishi tovarlarni va transport vositalarini chiqarib yuborish uchun asos boʻladi: bojxona rasmiylashtiruvi va tovarlarni tekshirish vaqtida qonunchilik buzilganligi bojxona organlari tomonidan aniqlanmaganda; bojxona organiga Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq tovarlarni chiqarib yuborish uchun zarur boʻlgan litsenziyalar, sertifikatlar, boshqa davlat organlarining ruxsatnomalari taqdim etilganda, bundan shunday hujjatlarning tovarlar va transport vositalari chiqarib yuborilganidan keyin taqdim etilishi hollari mustasno; tovarlarni va transport vositalarini tanlangan bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlariga deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan (agar bojxona brokeri bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha operatsiyalarni shartnoma asosida bajarayotgan boʻlsa) rioya etilganda; tovarlarga va transport vositalariga nisbatan bojxona toʻlovlari toʻlanganda yoxud ularning toʻlanishini taʼminlash taqdim etilganda. Tovarlarni va transport vositalarini chiqarib yuborish bojxona organlari mansabdor shaxslarining ishtirokisiz, bojxona organlarining axborot tizimidan foydalangan holda amalga oshirilishi mumkin.