Bojxona kodeksi 300-modda. Tarif preferensiyalari

Tarif preferensiyalari bojxona bojlarini toʻlashdan ozod etish, bojxona bojlari stavkalarini kamaytirish yoki muayyan davlatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarni bojxona hududiga preferensial olib kirish yoki ushbu hududdan preferensial olib chiqishda kvotalar belgilash tarzida beriladi. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq quyidagi tovarlarga nisbatan bojxona bojlari qoʻllanilmaydi: Oʻzbekiston Respublikasi bilan erkin savdo zonasini tashkil etuvchi yoki Oʻzbekiston Respublikasi erkin savdo rejimini belgilagan davlatlarda ishlab chiqarilgan va ushbu davlatlardan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarga; Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan va uning bojxona hududidan Oʻzbekiston Respublikasi bilan erkin savdo zonasini tashkil etuvchi yoki Oʻzbekiston Respublikasi erkin savdo rejimini belgilagan davlatlarga olib chiqilgan tovarlarga. Oʻzbekiston Respublikasi erkin savdo zonasini tashkil etish toʻgʻrisida xalqaro shartnoma tuzgan davlatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan, agar tovar erkin savdo zonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi xalqaro shartnoma ishtirokchilari boʻlgan davlatlardan birining rezidenti tomonidan eksport qilinayotgan boʻlsa va ushbu shartnoma ishtirokchisi boʻlgan davlatning rezidenti tomonidan shartnoma ishtirokchisi boʻlgan boshqa davlatning bojxona hududidan olib kirilgan boʻlsa, bojxona bojlari qoʻllanilmaydi. Bunda rezident deganda shu davlat hududida tashkil etilgan tashkilot yoxud shu davlat hududida doimiy yashaydigan jismoniy shaxs tushuniladi. Boshqa hollarda boj tarifiga muvofiq bojxona boji stavkasi qoʻllaniladi. Tarif preferensiyalari ushbu Kodeksning 50-bobi qoidalariga rioya etgan holda beriladi.