Bojxona kodeksi 303-modda. Olib kiriladigan tovarga doir bitimning qiymatiga oid usul

Olib kiriladigan tovarga doir bitim qiymatiga oid usul olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini bitim qiymati boʻyicha, yaʼni olib kirilayotgan tovar bojxona chegarasini kesib oʻtayotgan paytda tovar uchun amalda toʻlangan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan, ushbu Kodeksning 304 va 305-moddalari qoidalari hisobga olingan holda tuzatilgan narx boʻyicha aniqlashni nazarda tutadi. Olib kiriladigan tovarlar uchun sotib oluvchi tomonidan bevosita sotuvchiga yoki sotuvchining foydasi uchun boshqa shaxsga toʻlangan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan barcha toʻlovlarning umumiy summasi bunday tovarlar uchun amalda toʻlangan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan narx deb hisoblanadi. Bunda toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida taqiqlanmagan har qanday shaklda bevosita yoki bilvosita amalga oshirilishi mumkin. Bir bitim doirasida koʻp miqdorda sotib olingan tovarlarning bir qismini deklaratsiyalashda bunday tovarlar uchun amalda toʻlangan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan narx deklaratsiyalanadigan tovarlarning miqdori va sotib olingan tovarlarning umumiy miqdori bilan teng nisbatda aniqlanadi.