Olib kiriladigan tovarga doir bitimning qiymatiga oid usuldan quyidagi hollarda bojxona qiymatini aniqlash uchun foydalanilishi mumkin emas, agar: sotib oluvchining baholanayotgan tovardan foydalanishga yoki uni tasarruf etishga boʻlgan huquqlariga nisbatan cheklovlar mavjud boʻlsa, bundan qonunchilikda belgilangan cheklovlar yoxud tovar qayta sotilishi mumkin boʻlgan geografik mintaqadagi cheklovlar yoki tovarning qiymatiga jiddiy taʼsir koʻrsatmaydigan cheklovlar mustasno; tovar bojxona hududiga qiymat asosiga ega boʻlmagan bitim boʻyicha olib kirilgan boʻlsa; sotish yoki bitimning bahosi taʼsirini hisobga olish mumkin boʻlmagan shartlarga rioya etilishiga bogʻliq boʻlsa (ayirboshlash, kontraktatsiya, qayta ishlash shartnomalari); tovarni keyinchalik qayta sotish, undan foydalanish yoki uni tasarruf etishdan tushgan tushumning istalgan qismi sotuvchiga bevosita yoki bilvosita oʻtsa va bunda tovarning qiymatiga ushbu Kodeksning 304-moddasiga muvofiq tegishli tuzatishlarni kiritish mumkin boʻlmasa; tovarning bojxona qiymatini aniqlashda deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan foydalanilgan maʼlumotlar hujjatlar bilan tasdiqlangan boʻlmasa; bitimning taraflari (sotib oluvchi va sotuvchi) bir-biriga oʻzaro bogʻliq shaxslar boʻlsa, bundan ularning oʻzaro bogʻliqligi bitimning bahosiga taʼsir etmagan hollar mustasno, bu esa deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan isbotlanishi lozim.