Oʻxshash tovarga doir bitimning qiymatiga oid usul bojxona hududiga olib kirilayotgan tovarning bojxona qiymatini aniqlash uchun oʻxshash tovarga doir bitimning qiymati ushbu moddada koʻrsatilgan shartlarga rioya etgan holda asos sifatida qabul qilinishini nazarda tutadi. Oʻxshash tovar deganda: baholanayotgan tovar bilan har jihatdan bir xil boʻlmasa-da, u bilan oʻxshash xususiyatlarga ega boʻlganligi va tarkib jihatdan oʻxshashligi tufayli bir xil vazifalarni bajara oladigan hamda tijorat nuqtai nazaridan, shu jumladan sifati, bozordagi qadri, tovar belgisining mavjudligiga koʻra uning oʻrnini bosa oladigan; baholanayotgan tovar olib kirilguniga qadar toʻqson kalendar kun ichida olib kirilgan; baholanayotgan tovar ishlab chiqarilgan ayni oʻsha mamlakatda ishlab chiqarilgan va Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish uchun sotilgan; baholanayotgan tovarni ishlab chiqargan ayni bir shaxs tomonidan ishlab chiqarilgan tovar tushuniladi. Baholanayotgan tovarni ishlab chiqargan ayni bir shaxs tomonidan ishlab chiqarilgan tovar mavjud boʻlmagan taqdirda boshqa shaxs tomonidan ishlab chiqarilgan tovar oʻxshash tovar sifatida qabul qilinadi. Agar bitimning qiymati Oʻzbekiston Respublikasida bajarilgan loyihalashning, tajriba-konstruktorlik ishlarining, badiiy bezatishning, dizaynning, eskizlarning yoki chizmalarning qiymatlarini oʻz ichiga olsa, tovar oʻxshash tovar deb hisoblanmaydi. Oʻxshash tovarga doir bitimning qiymatiga koʻra tovarning bojxona qiymatini aniqlash usulidan foydalanilayotganda ushbu Kodeks 309-moddasining beshinchi , oltinchi , yettinchi , sakkizinchi va toʻqqizinchi qismlari qoidalari qoʻllaniladi.