Bojxona kodeksi 321-modda. Deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan tovarning bojxona qiymatini aniqlash imkoni boʻlmagan taqdirda tovarning shartli chiqarib yuborilishi

Tovarning bojxona qiymatini aniqlash imkoni boʻlmagan taqdirda uni shartli chiqarib yuborish deklarantning yoki bojxona brokerining arizasiga koʻra bojxona organi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda bojxona organi ushbu bobda belgilangan tartibda tovarning shartli bojxona qiymatini mustaqil ravishda belgilaydi. Tovarning bojxona qiymatini aniqlash imkoni boʻlmagan taqdirda uni shartli chiqarib yuborish, agar bojxona organi tomonidan aniqlangan tovarning bojxona qiymatiga muvofiq ravishda hisoblab chiqarilgan bojxona toʻlovlari summasi deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan toʻlansa yoki toʻlanishi taʼminlansa, amalga oshiriladi. Bojxona organi ariza kelib tushgan kundan keyingi uch ish kuni ichida deklarantga yoki bojxona brokeriga tovarning shartli bojxona qiymatining va talab qilinayotgan bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash miqdorlari toʻgʻrisida yozma yoki elektron shaklda xabar qiladi. Bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashning amal qilish muddati tovar chiqarib yuborilgan kundan eʼtiboran oltmish kalendar kunni tashkil etadi. Deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan tovarning bojxona qiymatini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganidan keyin bojxona qiymati va tegishli bojxona toʻlovlari tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritish shaklini toʻldirgan holda qaytadan hisob-kitob qilinadi. Tovarning bojxona qiymatini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash summasi ushbu moddaning toʻrtinchi qismiga muvofiq belgilangan muddat oʻtgach Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga oʻtkaziladi. Bunda tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritish ushbu Kodeksning 266-moddasiga muvofiq amalga oshirilib, u tovarning bojxona qiymatiga nisbatan uzil-kesil qaror hisoblanadi.