Bojxona kodeksi 332-modda. Bojxona toʻlovlarini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilganligi uchun foizlar

Bojxona toʻlovlarini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilgan har bir kun uchun toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlari summasidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan qayta moliyalashtirish stavkasining ellik foizi miqdorida, bir kun uchun qayta hisob-kitob qilingan hisoblab chiqariladigan foizlar undiriladi. Foizlar kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilgan bojxona toʻlovlarining summasi toʻlanguniga qadar yoki toʻlash bilan bir vaqtda, lekin kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash muddati tugaydigan kundan keyingi kundan kechiktirmay toʻlanadi. Bojxona toʻlovlarini vakolatli iqtisodiy operatorlarga kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilganda hamda ushbu Kodeks 329-moddasining beshinchi va oʻn birinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda, shuningdek kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati oʻn toʻrt kalendar kunga berilganda ushbu muddat uchun foizlar hisoblanmaydi va toʻlanmaydi. Bojxona toʻlovlari boʻyicha kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilganligi uchun foizlarni toʻlash, undirish va qaytarish ushbu bobda, shuningdek ushbu Kodeksning 48 va 49-boblarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.