Bojxona kodeksi 334-modda. Kelgusi bojxona toʻlovlarini toʻlash uchun pul mablagʻlari

Toʻlovchi bojxona deklaratsiyasi qabul qilinguniga qadar kelgusi bojxona toʻlovlarini toʻlash uchun pul mablagʻlarini dastlabki tarzda (bundan buyon matnda dastlabki pul mablagʻlari deb yuritiladi) bojxona organining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazishi mumkin. Toʻlovchining koʻrsatmasiga koʻra dastlabki pul mablagʻlaridan: bojxona toʻlovlarini toʻlash uchun; penya, foizlar toʻlash majburiyatlarini bajarish hisobiga deb; bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni toʻlash uchun; bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash uchun foydalanilishi mumkin. Toʻlovchi bojxona organiga mazkur dastlabki pul mablagʻlariga bojxona toʻlovlari sifatida qarash haqida koʻrsatma bermaguniga qadar ushbu mablagʻlarga bojxona toʻlovlari sifatida qaralishi mumkin emas. Toʻlovchining bojxona deklaratsiyasini topshirishi yoki dastlabki pul mablagʻlaridan penya, foizlar toʻlash majburiyatlarini bajarish hisobiga deb, bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash yoxud bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni toʻlash uchun foydalanish haqidagi arizasini berish toʻlovchining koʻrsatmasi hisoblanadi.