Bojxona kodeksi 339-1-modda. Bojxona toʻlovlarini toʻlashning bosh taʼminoti

Agar ayni bir shaxs tomonidan muayyan vaqt ichida bir necha bojxona operatsiyasi amalga oshirilsa, barcha bunday bojxona operatsiyalarini bajarish chogʻida yuzaga keladigan bojxona toʻlovlarini toʻlashni taʼminlash uchun ushbu Kodeksning 339-moddasida belgilangan usullardan biri bilan bojxona toʻlovlarini toʻlashning bosh taʼminoti taqdim etilishi mumkin, bundan ushbu Kodeks 339-moddasining ikkinchi va oltinchi xatboshilarida koʻrsatilgan usullar mustasno. Bojxona organi bojxona toʻlovlarini toʻlashning bosh taʼminotini, agar bojxona toʻlovlari bunday taʼminot hisobidan ushbu bojxona organi tomonidan undirilishi mumkin boʻlsa, qabul qiladi. Bojxona toʻlovlarini toʻlashning bosh taʼminoti tovarlarni chiqarib yuboruvchi bojxona organiga taqdim etiladi. Toʻlovchi bojxona toʻlovlarini toʻlashning bosh taʼminotini ushbu Kodeksning 336 , 337 va 338-moddalarida belgilangan hollarda yuzaga keladigan bojxona toʻlovlarini toʻlashni taʼminlashga doir bir yoki bir necha majburiyat boʻyicha taqdim etadi. Bojxona toʻlovlarini toʻlashning bosh taʼminoti toʻlovchining arizasida koʻrsatilgan muddatga bojxona organlari tomonidan qabul qilinadi. Bunda bojxona toʻlovlarini toʻlash bosh taʼminotining amal qilish muddati toʻlovchining arizasida koʻrsatilgan muddat ichida yuzaga keladigan bojxona toʻlovlarini toʻlashni taʼminlashga doir majburiyatlarni toʻlovchi tomonidan bajarish muddatlaridan koʻp boʻlishi kerak. Bojxona toʻlovlarini toʻlashning bosh taʼminotini qoʻllash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.