Toʻlovchi tomonidan eʼtiroz mavjud boʻlgan, qoʻshib hisoblangan bojxona toʻlovlarini undirish sudning bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan qarori asosida amalga oshiriladi. Jismoniy shaxslardan bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni undirish sud tartibida amalga oshiriladi, bundan yakka tartibdagi tadbirkorlar mustasno. Toʻlovchi bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni toʻlashni bojxona organiga yozma yoki elektron shaklda xabar yuborib, quyidagi hollarda olti oy davomida teng ulushlarda amalga oshirishga haqli: bojxona toʻlovlari qoʻshib hisoblanganda, agar toʻlovchi bojxona organining qaroriga rozi boʻlsa — bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni toʻlash toʻgʻrisidagi talabnoma olingan kundan eʼtiboran; toʻlovchining tashabbusi bilan bojxona toʻlovlari qoʻshib hisoblanganda — tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritish shakli rasmiylashtirilgan kundan eʼtiboran. Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, bojxona toʻlovlari toʻlanmagan tovarlarga nisbatan undiruvni qaratish bojxona toʻlovlarini toʻlash toʻgʻrisidagi talabnomani yubormasdan yoki bunday yuborishga qadar amalga oshirilishi mumkin. Bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni, shuningdek penyani toʻlash toʻlovchi tomonidan bojxona organining shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida turgan dastlabki pul mablagʻlari yoxud ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan bojxona toʻlovlari hisobidan amalga oshirilishi mumkin.