Ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga oʻtkazilgan bojxona toʻlovlarining summalari quyidagi hollarda dastlabki pul mablagʻlari hisobiga oʻtkaziladi yoki bojxona organlari tomonidan toʻlovchiga qaytarib beriladi: tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritilishi munosabati bilan bojxona toʻlovlari summalari qayta hisoblanganda; agar bojxona rejimi shartlarida ilgari toʻlangan bojxona toʻlovlari summalarini qaytarish nazarda tutilgan boʻlsa; agar tovarning bojxona toʻlovlarini toʻlash ularni hisoblab chiqarishning belgilangan tartibini buzgan holda amalga oshirilgan boʻlsa; bojxona toʻlovlarining stavkalari oʻzgargan boʻlsa; bojxona hududiga olib kirilgan tovarga nisbatan bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha imtiyoz tiklangan boʻlsa; agar bojxona toʻlovlari toʻlangan tovarlar bojxona nazorati ostida yoʻq qilinishi lozim boʻlsa; egasi bojxona organi boʻlgan bojxona ombori tugatilishi munosabati bilan tovarlar berilayotganda saqlash uchun toʻlangan bojxona yigʻimlari summalarining bir qismi qaytarilganda; bojxona toʻlovlarini hisoblashda ortiqcha toʻlovga olib kelgan texnik xatoliklar aniqlanganda. Ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan bojxona toʻlovlarining summalari qonunchilikka muvofiq boshqa hollarda ham qaytarib berilishi mumkin. Bojxona organining xatosi tufayli ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan bojxona toʻlovlari summalarini qaytarish ustuvor tartibda amalga oshiriladi.