Bojxona kodeksi 357-modda. Ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan bojxona toʻlovlarining summalarini qaytarish tartib-taomili

Ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan bojxona toʻlovlarining summalarini qaytarish bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona rasmiylashtiruvida avval hisoblangan bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan bojxona toʻlovlarining summalarini qaytarish mazkur summalarni quyidagi tartibda oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi: toʻlovchining arizada koʻrsatilgan hisobvaragʻiga; ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda, bojxona organining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga; toʻlov amalga oshirilgan valyutada; dastlabki pul mablagʻlari hisobiga; bojxona organlari oldidagi boshqa majburiyat boʻyicha bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash uchun. Toʻlovchida bojxona toʻlovlarini, shuningdek penyani yoki foizlarni toʻlash boʻyicha qarzdorlik boʻlgan taqdirda, bojxona organi qarzdorlikni toʻlovchining roziligi bilan ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan bojxona toʻlovlari summasi hisobidan toʻlanishini amalga oshiradi. Bunda ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan bojxona toʻlovlarining summasi toʻlovchiga ushbu qarzdorlik miqdoridagi bojxona toʻlovlarini, penyani yoki foizlarni toʻlash boʻyicha qarzdorlik chegirib tashlangan holda qaytariladi. Ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan bojxona toʻlovlarining summalari qaytarilayotganda ular uchun foizlar toʻlanmaydi va qaytarilayotgan toʻlov summasi indeksatsiyalanmaydi. Ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan bojxona toʻlovlarining summalarini qaytarish bojxona toʻlovlari turi boʻyicha bojxona organining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻidan, tovarlari bojxona jihatidan rasmiylashtirilgan boshqa toʻlovchilarning mablagʻlaridan va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga oʻtkazilishi lozim boʻlgan mablagʻlardan amalga oshiriladi.