Bojxona kodeksi 405-modda. Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonasining diplomatik agentlari va konsullik muassasalarining konsullik mansabdor shaxslari uchun bojxona imtiyozlari

Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonasining diplomatik agentlari va konsullik muassasalarining konsullik mansabdor shaxslari (diplomatik vakolatxonaning boshligʻi va aʼzolari), shuningdek ular bilan birga yashaydigan oila aʼzolari oʻz shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan tovarlarni, shu jumladan roʻzgʻorni dastlabki taʼminlash uchun kerakli boʻlgan tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib oʻtishning belgilangan tartibiga rioya qilgan, bojxona toʻlovlari toʻlanishidan ozod etilgan holda olib chiqadi va xizmat safari yakunlanganidan keyin shaxsiy foydalanish uchun moʻljallangan tovarlarni (avtotransport vositalari bundan mustasno) Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiradi, bundan tovarlarni saqlaganlik, belgilangan joylardan tashqarida yoki bojxona organlarining belgilangan ish vaqtidan tashqari vaqtda bojxona rasmiylashtiruvini oʻtkazganlik uchun bojxona yigʻimlari mustasno. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning shaxsiy bagaji unda shaxsiy foydalanish uchun moʻljallanmagan tovarlar yoki olib kirilishi va olib chiqilishi qonunchilikda taqiqlangan yoxud karantin qoidalari va boshqa maxsus qoidalar bilan tartibga solinadigan tovarlar bor deb taxmin qilish uchun yetarli asoslar mavjud boʻlgan taqdirda bojxona koʻrigidan oʻtkazilishi mumkin.