Bojxona organlarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi bojxona organiga shikoyat qilish bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bojxona organlarining tekshiruvlar va bojxona auditi natijalari yuzasidan qabul qilingan qarorlari ustidan yuqori turuvchi bojxona organiga shikoyat shaxs oʻz huquqlari buzilganligi toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan paytdan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay berilishi mumkin. Ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan muddat uzrli sababga koʻra oʻtkazib yuborilgan taqdirda, ushbu muddat shikoyat berayotgan shaxsning iltimosnomasi boʻyicha yuqori turuvchi bojxona organi tomonidan tiklanishi mumkin.