Bojxona kodeksi 59-modda. Tovarni reimport bojxona rejimiga joylashtirish talablari va shartlari

Tovarni reimport bojxona rejimiga joylashtirish quyidagi talablar va shartlarga rioya etilgan taqdirda amalga oshiriladi: tovar bojxona hududidan olib chiqilayotganda u shu hududda erkin muomalada turgan tovar maqomiga ega boʻlishi lozim; tovar uni olib chiqish uchun moʻljallangan tegishli bojxona rejimiga joylashtirilgan paytdan eʼtiboran uch yil ichida, vaqtincha olib chiqilgan tovarga nisbatan — vaqtincha olib chiqishning belgilangan muddati ichida, tovarning bojxona hududidan tashqarida qayta ishlangan qoldigʻiga nisbatan esa — qayta ishlashning belgilangan muddati ichida reimport bojxona rejimiga maʼlum qilinishi kerak. Bunda bojxona chegarasi kesib oʻtilgan kun tovarni olib kirish sanasi hisoblanadi, tovarni olib chiqish uchun moʻljallangan tegishli bojxona rejimi uchun bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan kun esa, olib chiqish sanasi hisoblanadi; tovar tabiiy eskirish oqibatidagi yoxud tashishning, saqlashning yoki foydalanishning (ishlatishning) normal sharoitlarida kamayishi oqibatidagi oʻzgarishlarini istisno etganda oʻsha holatida boʻlishi kerak; bojxona organlari tomonidan tovarni identifikatsiyalashni amalga oshirish mumkinligi. Tovarning faqat bir qismi qaytarib olib kirilgan taqdirda ham ushbu moddaning birinchi qismi talablariga rioya etilishi sharti bilan uni reimport bojxona rejimiga joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi. Ilgari eksport bojxona rejimiga muvofiq olib chiqilgan tovarni reimport bojxona rejimiga joylashtirishga bir vaqtning oʻzida quyidagi shartlarga rioya etilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi: kontraktning (shartnomaning, kelishuvning) shartlari bajarilmagan boʻlsa; tovardan bojxona hududidan tashqarida foydalanilmagan va u taʼmirlanmagan boʻlsa, bundan tovarning qaytarilishiga sabab boʻlgan nuqsonlarni yoki boshqa holatlarni aniqlash uchun tovardan foydalanish zarur boʻlgan hollar mustasno; tabiiy eskirishi hisobga olingan holda tovar oʻzgarmas holatda turgan boʻlsa, bundan nuqsonlar aniqlangan hollar mustasno.