Vaqtincha olib kirilgan tovardan uni vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirgan shaxsgina foydalanishi va (yoki) uni tasarruf etishi mumkin. Vaqtincha olib kirilgan tovardan foydalanish va (yoki) uni tasarruf etish huquqini vaqtincha olib kirish bojxona rejimining amal qilishi tugaguniga qadar boshqa shaxsga oʻtkazishga, basharti ushbu shaxs bojxona organlari oldida vaqtincha olib kirish bojxona rejimi shartlariga bundan buyon ham rioya etilishi boʻyicha yozma majburiyatlarni oʻz zimmasiga olsa, yoʻl qoʻyiladi. Agar tovar davriy bojxona toʻlovlari toʻlangan holda vaqtincha olib kirilgan boʻlsa, uni dastlab vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirgan shaxs tovar vaqtincha olib kirish bojxona rejimida turgan butun davr uchun bojxona toʻlovlarini bunday huquq boshqa shaxsga oʻtkaziladigan paytga qadar, ushbu Kodeks 66-moddasining birinchi qismiga muvofiq toʻlashi kerak. Vaqtincha olib kirish bojxona rejimi shartlariga rioya etishga doir huquq va majburiyatlar tovarni vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirish uchun boshqa shaxs taqdim etgan bojxona deklaratsiyasi bojxona organi tomonidan qabul qilingan paytdan eʼtiboran boshqa shaxsga oʻtkazilgan deb hisoblanadi. Vaqtincha olib kirilgan tovarni ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq boshqa shaxsga oʻtkazilganligi dastlab belgilangan vaqtincha olib kirish muddatini toʻxtatib turmaydi va uzaytirmaydi.