Bojxona kodeksi 85-modda. Tovarning vaqtincha saqlash bojxona rejimida turish muddati

Tovarning vaqtincha saqlash bojxona rejimida turish muddati ana shu tovarning mazkur bojxona rejimiga joylashtirilishini maʼlum qilgan vakolatli shaxs tomonidan belgilanadi, lekin bu muddat, agar ushbu Kodeksning 177-moddasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, oltmish kalendar kundan oshmasligi lozim. Tez buziladigan tovar vaqtincha saqlash bojxona rejimida turishining eng koʻp muddati oʻn kalendar kunni tashkil etadi. Bojxona omborlarida, erkin omborlarda yoki boj olinmaydigan savdo doʻkonlarida turgan tovar ularni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan keyin, ushbu Kodeksning 177-moddasida belgilangan muddatlarda vaqtincha saqlash bojxona rejimida turgan tovar deb hisoblanadi. Vaqtincha saqlash bojxona rejimining amal qilish muddatini hisoblash tovar ushbu Kodeksning 177-moddasiga va 226-moddasining beshinchi qismiga muvofiq vaqtincha saqlash bojxona rejimida turgan tovar maqomini olgan kundan eʼtiboran boshlanadi.