Bojxona ombori bojxona rejimiga har qanday tovar, shu jumladan ilgari boshqa bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar joylashtiriladi, quyidagilar bundan mustasno: bojxona hududiga olib kirilishi taqiqlangan tovar; bojxona hududidan olib chiqilishi taqiqlangan Oʻzbekiston tovari; qonunchilikka muvofiq bojxona hududi orqali tranzit qilinishi taqiqlangan tovar; bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirish uchun maʼlum qilingan kundagi yaroqlilik muddati ushbu Kodeksning 94-moddasiga muvofiq maʼlum qilinadigan muddatdan kam boʻlgan dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari. Bojxona ombori bojxona rejimida turgan tovarni saqlash bojxona omborida amalga oshirilishi kerak, bundan ushbu Kodeksning 93-moddasida belgilangan hollar mustasno. Vaqtincha olib kirish yoki bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimida turgan tovar ushbu rejimlarning amal qilishini toʻxtatib turish maqsadida bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilishi mumkin.