Bojxona kodeksi 93-modda. Bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni bojxona ombori hisoblanmaydigan joylarda saqlash

Olib kirilayotgan yoki olib chiqilayotgan tovar bojxona ombori hisoblanmaydigan joyda turgani holda bojxona ombori bojxona rejimiga quyidagi hollarda vakolatli shaxsning arizasiga koʻra joylashtiriladi: tovar oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlib, uning tashqi oʻlchamlari, fizik koʻrsatkichlari tufayli yoki kimyoviy xossalariga koʻra yoxud saqlanishiga doir alohida shartlar qoʻyilishi tufayli bojxona omboriga joylashtirilishi mumkin boʻlmasa; tovar yetkazib beriladigan joyda bojxona ombori mavjud boʻlmasa. Bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bojxona ombori hisoblanmaydigan joylarda saqlanayotganda quyidagi shartlarga rioya etilishi lozim: ushbu Kodeksning 47-bobiga muvofiq bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash taqdim etilganligi; tovar bilan bogʻliq yuk operatsiyalarini bajarishga, shuningdek uni istalgan boshqa joyga koʻchirishga bojxona nazorati ostida yoʻl qoʻyilishi; bojxona ombori bojxona rejimida turgan davrida tovarni undan foydalanish va uni tasarruf etish uchun boshqa shaxslarga oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmasligi, bundan ushbu Kodeksning 96-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno. Ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan shartlarga rioya etish harbiy yuklarga, insonparvarlik yordami, texnik koʻmak sifatida olib kiriladigan tovarlarga hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha xalqaro va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilgan qarz (kredit) mablagʻlari, grantlar hisobidan olib kiriladigan tovarlarga, shuningdek olib kirilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasiga, chet el valyutasiga nisbatan tatbiq etilmaydi. Tovar tegishli bojxona rejimiga joylashtirilmagan holda yoʻqotilgan yoki boshqa shaxslarga berib yuborilgan taqdirda bojxona toʻlovlarini toʻlash olib kirilayotgan tovar bojxona ombori hisoblanmaydigan joyda turavergani holda uni bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirgan shaxs tomonidan amalga oshiriladi.