Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida 13-modda. Bolaning oilaviy muhitga boʻlgan huquqi kafolatlari

Har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, oʻz ota-onasini bilish, ular bilan birga yashash va ularning gʻamxoʻrligidan foydalanish huquqiga ega, uning eng ustun manfaatlariga zid boʻlgan hollar bundan mustasno. Bolaning ota-onasi boʻlmaganda, ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda hamda bola ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan boshqa hollarda uning oilada yashash hamda tarbiyalanish huquqi vasiylik va homiylik organi tomonidan taʼminlanadi. Bola otasi, onasi, bobosi, buvisi, aka-ukalari, opa-singillari va boshqa qarindoshlari bilan koʻrishish huquqiga ega. Ota-onasining nikohdan ajralishi, nikohning haqiqiy emas deb topilishi yoki ota va onaning boshqa-boshqa yashashi bolaning huquqlariga taʼsir qilmaydi. Ota va ona turli davlatlarda yashagan taqdirda ham bola ular bilan koʻrishish huquqiga ega. Ekstremal vaziyatlarga (ushlab turish, hibsga olish, qamoqqa olish, davolash muassasasida boʻlish va boshqa hollarda) tushib qolgan bola oʻz ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrishish huquqiga ega.