Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida 29-modda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning taʼlim olish huquqi kafolatlari

Davlat maxsus pedagogik yondashuvga ehtiyoji boʻlgan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning belgilangan taʼlim standartlari va talablari darajasida bilim olishlarini kafolatlovchi zarur mablagʻlar ajratadi hamda boshqa choralar koʻradi. Jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar va nogironligi boʻlgan bolalar ular uchun maxsus ishlab chiqilgan taʼlim dasturlari boʻyicha taʼlim muassasalarida oʻqish va tarbiyalanish hamda oʻz jismoniy, aqliy qobiliyatlari va xohishlariga mos boʻlgan taʼlim olish huquqiga ega. Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning tavsiyasi boʻlgan taqdirda, jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar va nogironligi boʻlgan bolalarning ota-onalari oʻz xohish-istagiga koʻra hamda bolaning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda taʼlim (umumtaʼlim yoki ixtisoslashtirilgan) muassasasi turini tanlash huquqiga ega. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirishda qonunchilik bilan imtiyozlar belgilanishi mumkin.