Budjet tizimi budjetlarining ijrosi budjet toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan budjet tizimi budjetlari daromadlarining tushishini taʼminlash va xarajatlarini amalga oshirishni, shuningdek ularning ijrosi bilan bogʻliq operatsiyalarni hisobga olishni nazarda tutadi. Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taʼminlanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan taʼminlanadi. Budjet tashkilotlari budjetdan tashqari jamgʻarmalarining ijrosi budjet tashkilotlari tomonidan taʼminlanadi. Budjet tizimi budjetlarining ijrosi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan gʻazna ijrosi yoʻli bilan amalga oshiriladi. Gʻazna ijrosi faoliyatni chet elda amalga oshirayotgan budjet tashkilotlariga va budjet mablagʻlari oluvchilarga tatbiq etilmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida budjet tizimi budjetlari, budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar uchun shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari ochiladi. Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar oʻz xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni moliya yili tugaguniga qadar sarflashga haqli. Mamlakatda mudofaa qobiliyatini, xavfsizlikni taʼminlash, ichki tartibni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.