Yagona gʻazna hisobvaragʻi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan boshqariladigan maxsus bank hisobvaragʻi boʻlib, unga budjet tizimi budjetlarining daromadlari va boshqa tushumlari kiritiladi hamda undan mazkur budjetlarning xarajatlari toʻlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida hamda boshqa banklarda oʻzga bank hisobvaraqlari ochish huquqiga ega. Yagona gʻazna hisobvaragʻi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida ochiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining bank hisobvaraqlaridan mablagʻlarning soʻzsiz tartibda hisobdan chiqarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining bank hisobvaraqlariga xizmat koʻrsatilganligi uchun haq olinmaydi.