Tartibga soluvchi daromadlardan tushgan tushumlar budjet tizimi budjetlari oʻrtasida taqsimlanadi. Budjet tizimi budjetlari oʻrtasidagi tartibga soluvchi daromadlardan ajratmalarning normativlari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki u vakolat bergan organ tomonidan belgilanadi. Tartibga soluvchi daromadlardan Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga, Toshkent shahrining shahar budjetiga hamda tumanlar va shaharlar budjetlariga ajratmalarning normativlari tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi. Tartibga soluvchi daromadlarni budjet tizimining budjetlari oʻrtasida taqsimlash Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Agar qonunchilikda Davlat budjetiga oʻtkaziladigan daromadlarning taqsimlanishi nazarda tutilmagan boʻlsa (bundan ushbu Kodeksning 52-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno), bu turdagi daromadlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga oʻtkaziladi. Budjet tizimi budjetlariga ortiqcha yoki notoʻgʻri toʻlangan tushum summalarini qaytarish ularni qaytarish vaqtida amalda boʻlgan ajratmalarning normativlariga muvofiq tegishli budjet tizimi budjetlaridan, bekor qilingan daromad turlari boʻyicha esa Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan amalga oshiriladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tegishli iqtisodiyot va moliya organlarining taklifiga koʻra mahalliy soliqlar toʻliq hajmda kiritiladigan budjet darajasini belgilaydi. Agar qonunchilikda mahalliy budjetlarga oʻtkaziladigan daromadlarning taqsimlanishi nazarda tutilmagan boʻlsa, unda bu turdagi daromad Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga va Toshkent shahrining shahar budjetiga oʻtkaziladi.