Moliyaviy majburiyatlar qabul qilingan yuridik majburiyatlar va xarajatlarni toʻlash uchun berilgan ruxsatnomalar doirasida hisobvaraq-fakturalar hamda moliyaviy majburiyatlar mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan qabul qilinadi hamda roʻyxatdan oʻtkaziladi. Birinchi va ikkinchi guruh xarajatlari, shuningdek ushbu Kodeksning 122-moddasi oʻninchi qismida koʻrsatilgan xarajatlar boʻyicha moliyaviy majburiyatlar yuridik majburiyatlarni qabul qilishga doir buyurtmalar asosida, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha esa, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomalari asosida gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi. Amal qilish muddati tugagan shartnomalar boʻyicha yetkazib berilgan tovarlar (koʻrsatilgan xizmatlar, bajarilgan ishlar) haqini toʻlash boʻyicha moliyaviy majburiyatlarni roʻyxatdan oʻtkazish joriy moliya yili doirasida hamda ushbu Kodeks 122-moddasining sakkizinchi qismida koʻrsatilgan hollarda hisobvaraq-faktura va oʻzaro majburiyatlarni solishtirish dalolatnomasi asosida amalga oshiriladi.