Budjet kodeksi 137-modda. Dotatsiya

Yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga dotatsiya quyi turuvchi budjet xarajatlarining rejalashtirilgan hajmi subvensiyalar va oʻtkazib beriladigan daromadlar hisobga olingan holda mazkur budjet daromadlarining prognoz qilingan hajmidan oshib ketgan taqdirda ajratiladi. Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlariga dotatsiya jamgʻarmalar xarajatlarining rejalashtirilgan hajmi yil boshidagi qoldiq hisobga olingan holda jamgʻarmalar daromadlarining prognoz qilingan hajmidan oshib ketgan taqdirda ajratilishi mumkin. Dotatsiyaning miqdori: Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan quyi turuvchi budjetlarga va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlariga ajratilganda — Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda; Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga ajratilganda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari toʻgʻrisidagi qarorlar qabul qilinayotganda belgilanadi.