Budjet kodeksi 138-1-modda. Maqsadli ijtimoiy transfertlar

Maqsadli ijtimoiy transfertlar yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga taʼlim va tibbiyot muassasalarining ish haqi va ijtimoiy soliq boʻyicha xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi. Maqsadli ijtimoiy transfertlarning miqdorlari: Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga — Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda; Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari toʻgʻrisidagi qarorlar qabul qilinayotganda belgilanadi. Foydalanilmagan maqsadli ijtimoiy transfertlar joriy moliya yili oxirida tegishli yuqori turuvchi budjetga qaytarilishi kerak.