Budjet kodeksi 141-modda. Aylanma kassa mablagʻlari

Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, shuningdek tumanlar, shaharlar budjetlarining aylanma kassa mablagʻlari ularning daromadlari bilan xarajatlari oʻrtasidagi vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash maqsadida shakllantiriladi. Aylanma kassa mablagʻlarining miqdorlari: Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan; tumanlar va shaharlar budjetlari uchun — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari toʻgʻrisidagi qarorlar qabul qilinayotganda belgilanadi. Yil mobaynida aylanma kassa mablagʻlaridan jalb qilingan summalar yil oxirigacha tiklanishi lozim. Aylanma kassa mablagʻlarining yil oxiridagi miqdori belgilangan summaga mos kelishi kerak. Kelgusi moliya yili uchun belgilangan aylanma kassa mablagʻlari: tegishli budjetlarning shaxsiy gʻazna hisobvaraqlaridagi mablagʻlarning yil boshidagi qoldiqlari; joriy yilning birinchi — uchinchi choraklari yakunlari boʻyicha daromadlar prognozining oshirib bajarilishi summalari hisobidan toʻldiriladi. Tumanlar va shaharlar budjetlarining ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan manbalari yetarli boʻlmaganda tumanlar va shaharlar budjetlarining aylanma kassa mablagʻlarini toʻldirish toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan qaror qabul qilinishi mumkin.