Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolati qarz oluvchi-rezident oʻzidan undiriladigan summani qarz (kredit) boʻyicha bitimlarda belgilangan muddatda toʻlamagan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasining qarz beruvchi oldidagi qarzni toʻliq yoki qisman toʻlab berish majburiyatidir. Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatlari qarz beruvchilarga qarz oluvchi-rezidentlar oʻzi olgan kreditlar (qarzlar) boʻyicha majburiyatlarni bajarishining taʼminoti sifatida beriladi. Jismoniy shaxslarning majburiyatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatlari berilmaydi. Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra beriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatlarini rasmiylashtirish boʻyicha vakolatli organdir. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining berilgan davlat kafolatlari bilan shart qilib qoʻyilgan toʻlovlarni amalga oshirgach, amalga oshirilgan toʻlovlar va ular bilan bogʻliq xarajatlar summasini qarz oluvchi-rezidentdan soʻzsiz undirib olish huquqiga ega. Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatlarini rasmiylashtirish, taqdim etish, roʻyxatdan oʻtkazish va ular boʻyicha majburiyatlarni bajarish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.