Budjet tizimi budjetlari xarajatlarining tasnifi budjet tizimi budjetlari xarajatlarini kodlashdan iborat boʻladi va ularning yoʻnalishini aks ettiradi. Budjet tizimi budjetlari xarajatlari tasnifining tuzilmasi quyidagilardan iborat: budjet tizimi budjetlari mablagʻlarining manbalari va darajalari tasnifi; vazifa jihatidan tasnif; dasturiy tasnif; tashkiliy tasnif; iqtisodiy tasnif; hududiy tasnif. Budjet tizimi budjetlari mablagʻlarining manbalari va darajalari tasnifi amalga oshirilayotgan xarajatlarning tegishli mablagʻlar manbalari va budjetlar darajalariga mansubligini aniqlash uchun qoʻllaniladi. Xarajatlarning vazifa jihatidan tasnifi davlat funksiyalarini bajarish uchun mablagʻlar yoʻnalishini aks ettiruvchi xarajatlarni guruhlashdir. Xarajatlarning dasturiy tasnifi davlat, tarmoq va hududiy rivojlantirish dasturlarini bajarish uchun mablagʻlar yoʻnalishini aks ettiruvchi xarajatlarni guruhlashdan iboratdir. Xarajatlarning tashkiliy tasnifi budjet tizimi budjetlarining mablagʻlarini taqsimlovchilar boʻyicha kodlashdan iborat boʻladi. Xarajatlarning iqtisodiy tasnifi xarajatlarni iqtisodiy yoʻnalishiga koʻra kodlashdan iborat boʻladi. Hududiy tasnif budjet tashkilotlarining va budjet mablagʻlari oluvchilarning tegishli maʼmuriy-hududiy birlikka mansubligini aniqlash maqsadida qoʻllaniladi.