Davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar: davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihalarini tayyorlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kiritadi; davlat maqsadli jamgʻarmalarining mablagʻlari boʻyicha xarajatlar smetalarini, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazadi; davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari daromadlari prognozini davlat soliq xizmati organlari va bojxona organlariga yilning har choragida yetkazadi; ushbu Kodeksning 149-moddasida nazarda tutilgan tartibda davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlariga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi; davlat maqsadli jamgʻarmalariga yigʻimlar, davlat bojlari, soliq boʻlmagan toʻlovlar va boshqa tushumlar toʻliq hamda oʻz vaqtida tushishi ustidan monitoringni amalga oshiradi; davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining tegishli davrdagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi; davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi; davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarini ijro etish jarayonida tushumlarni koʻpaytirish boʻyicha qoʻshimcha zaxiralarni aniqlaydi; davlat maqsadli jamgʻarmalarining xarajatlari maqbullashtirilishini amalga oshiradi; davlat maqsadli jamgʻarmalarining Yagona gʻazna hisobvaragʻi va boshqa bank hisobvaraqlaridagi mablagʻlarini boshqaradi; davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari ijrosining budjet hisobini yuritadi; davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining daromadlari va xarajatlari balansliligiga taʼsir koʻrsatuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni moliyaviy va iqtisodiy ekspertizadan oʻtkazadi. Davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar qonunchilikka muvofiq budjet sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.