Budjet kodeksi 97-modda. Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini va budjetnomani kiritish tartibi

Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi va budjetnoma: Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga — joriy yilning 15-sentabriga qadar kiritiladi; Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga — joriy yilning 20-sentabriga qadar kiritiladi; Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga xulosa taqdim etishi uchun — joriy yilning 20-sentabriga qadar kiritiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi va oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya boʻyicha xulosani joriy yilning 5-oktabridan kechiktirmay taqdim etadi; Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, qoida tariqasida, joriy yilning 15-oktabridan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan kiritiladi. Budjetnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga ham, qoida tariqasida, joriy yilning 15-oktabridan kechiktirmay kiritiladi. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi, oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yuborilishidan oldin majburiy ravishda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan “Fuqarolar uchun budjet” axborot nashri jamoatchilik muhokamasi uchun parallel ravishda eʼlon qilinadi.