Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida 34-modda. Davlat fuqarolik xizmatchilarining ish vaqti

Davlat organida davlat fuqarolik xizmatchisi uchun besh kunlik ish haftasi belgilanadi. Bunda ish vaqtining davomiyligi haftasiga qirq soatdan oshmasligi kerak. Uch yoshga toʻlmagan bolalari bor davlat fuqarolik xizmatchilari boʻlgan ota-onasidan biriga (ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxsga) haftasiga oʻttiz besh soatdan oshmaydigan ish vaqti davomiyligi belgilanadi. Davlat fuqarolik xizmatchisi xizmat faoliyatining oʻziga xos xususiyatlariga qarab, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan ish vaqtining davomiyligi hisobga olingan, ichki mehnat tartibi qoidalariga rioya etilgan holda olti kunlik ish haftasi belgilanishi mumkin. Davlat organi tomonidan davlat fuqarolik xizmatchisi uchun oʻrnatilgan ish vaqtining davomiyligidan tashqari ish ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi. Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda, davlat organi davlat fuqarolik xizmatchisini uning roziligisiz ish vaqtidan tashqari ishga jalb etishi mumkin. Davlat fuqarolik xizmatchilarini ish vaqtidan tashqari hamda dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishlarga jalb etish mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilgan holda, davlat organi rahbarining qarori asosida amalga oshiriladi. Davlat fuqarolik xizmatchisining ish vaqtidan tashqari ishi uchun kompensatsiya ish vaqtidan tashqari haqiqatda ishlab berilgan soatlariga kamida ikki hissa miqdorida haq toʻlash yoki ortiqcha ishlagan vaqtining davomiyligiga mos boʻlgan qoʻshimcha dam olish vaqti berish orqali amalga oshiriladi.