Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida 42-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirish

Davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirishdan maqsad uning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur boʻlgan bilimlar, koʻnikmalar va malakalarni egallashi uchun shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir. Davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasi darajasi uning bilimlari, koʻnikmalari va malakalari darajasini aniqlash imkonini beruvchi axborot tizimlari orqali davlat organi tomonidan muntazam ravishda baholab boriladi. Qayta tayyorlash, malaka oshirish va mustaqil taʼlim olish davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirishning asosiy shakllaridir. Qayta tayyorlash davlat fuqarolik xizmatchisining samarali faoliyati uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha kasbiy bilimlar, koʻnikmalar va malakalarni egallashi maqsadida tashkil etilgan taʼlim jarayonidir. Malaka oshirish davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini oshirishga va muntazam ravishda yangilab borishga qaratilgan taʼlim jarayonidir. Mustaqil taʼlim davlat fuqarolik xizmatchisining yangi bilimlar va tajribaga ega boʻlish boʻyicha ishdan boʻsh vaqtida kasbiy kompetensiyasini oshirish jarayonidir. Davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.