Intizomiy jazo choralari davlat organining rahbari tomonidan qoʻllaniladi. Har bir intizomiy qilmish uchun faqat bitta intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi mumkin. Intizomiy jazo chorasini tanlash huquqi davlat organining rahbariga tegishlidir. Intizomiy jazo chorasini qoʻllash chogʻida qilmishning ogʻir-yengilligi, uning holatlari va davlat fuqarolik xizmatchisining xulq-atvori hisobga olinadi. Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash davlat organi rahbarining tegishli qarori bilan rasmiylashtiriladi. Davlat organi rahbarining davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida, davlat fuqarolik xizmatchisi ishda yoʻq boʻlgan vaqt hisobga olinmasdan, unga jazoni qoʻllash sabablari koʻrsatilgan holda imzo qoʻydirib eʼlon qilinadi. Oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror bilan tanishtirilmagan davlat fuqarolik xizmatchisi intizomiy jazoga tortilmagan deb hisoblanadi. Davlat fuqarolik xizmatchisining oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror bilan tanishishni rad etganligi bunda hozir boʻlgan guvohlar koʻrsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bunday holda davlat fuqarolik xizmatchisi qaror bilan tanishtirilgan deb hisoblanadi. Davlat fuqarolik xizmatchisining intizomiy javobgarlikka tortilishi unga nisbatan ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilishini bekor qilmaydi. Ushbu Qonun 46-moddasi ikkinchi qismining uchinchi , toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralari davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvining xulosasiga asosan, shuningdek amalda intizomiy jazo chorasi mavjud boʻlganda qoʻllaniladi. Davlat fuqarolik xizmatchisi oʻziga nisbatan qoʻllanilgan intizomiy jazo chorasi ustidan yuqori turuvchi davlat organiga yoki maxsus vakolatli davlat organiga yoxud sudga shikoyat qilishga haqli.