Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining qonunga xilof ravishda tugatilganligi aniqlangan taqdirda davlat fuqarolik xizmatchisi avvalgi davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tiklanadi, buning imkoni boʻlmaganda esa (davlat organining tugatilganligi, shtatlar qisqartirishga sabab boʻladigan tarzda oʻzgartirilganligi yoki ushbu xizmatchini avvalgi davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tiklashga monelik qiladigan, qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslar mavjud boʻlganda) avvalgi lavozimiga teng boʻlgan boshqa davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlanadi. Davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tiklangan davlat fuqarolik xizmatchisiga uning faoliyati qonunga xilof ravishda tugatilganligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining qonunga xilof ravishda tugatilishida aybdor boʻlgan shaxs qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladi. Davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatining qonunga xilof ravishda tugatilishi bilan bogʻliq zararning miqdori aybdor shaxsdan regress tartibida undiriladi.