Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi). Maxsus vakolatli davlat organi: davlat fuqarolik xizmati sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi; davlat fuqarolik xizmati sohasidagi davlat dasturlari va loyihalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi; davlat organlarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini oʻz vakolatlari doirasida muvofiqlashtiradi; davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish jarayonlari va istiqbollarining monitoringi hamda tahlilini amalga oshiradi, shuningdek mazkur sohani takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi; davlat organlari rahbarlariga davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritadi; davlat fuqarolik xizmati sohasida kadrlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishning innovatsion usullarini joriy etadi; davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholashning (eng muhim koʻrsatkichlariga oid) oʻlchanadigan indikatorlar tizimini joriy etadi va ularning natijalarini tahlil qiladi, jamoatchilik fikrini oʻrganadi hamda davlat organlari rahbarlarining ochiq reytingini shakllantirishda ishtirok etadi; kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga tanlov asosida qabul qilishni tashkillashtiradi; davlat fuqarolik xizmati sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etadi va ularni izchil takomillashtirib boradi, davlat fuqarolik xizmatchilarining shaxsiga doir maʼlumotlarning xavfsizligini taʼminlagan holda ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantiradi; davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, shuningdek ularning mehnat faoliyati va ijtimoiy jihatdan himoya qilinishi uchun tegishli shart-sharoitla