Davlat xaridlari toʻgʻrisida 10-modda. Raqobat va xolislik prinsipi

Davlat xaridlaridagi raqobat xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari oʻrtasidagi, davlat xaridlari elektron tizimlarining operatorlari oʻrtasidagi va ixtisoslashgan tashkilotlar oʻrtasidagi tortishuv, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini koʻrib chiqishda hamda xolis va asosli mezonlar asosida eng maqbul taklif foydasiga yakuniy qaror qabul qilishda begʻarazlik va shaffoflik mexanizmlaridan foydalanish hisobidan qoʻllab-quvvatlanadi. Davlat xaridlarining xolisligi xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini koʻrib chiqishdagi, shuningdek eng maqbul variant foydasiga yakuniy qaror qabul qilishdagi begʻarazlikni nazarda tutadi. Davlat xaridlarining xolisligi: xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilariga teng imkoniyatlarni taʼminlashga; davlat xaridlari subyektlari oʻrtasida raqobatni va ularga nisbatan begʻarazlikni taʼminlaydigan shart-sharoitlarni yaratishga; davlat xaridlari jarayonida shikoyatlar, nizolar va kelishmovchiliklarni koʻrib chiqishning hamda tegishli chora-tadbirlar koʻrishning ochiq, oshkora va tortishuv mexanizmlariga asoslanadi.