Davlat xaridlari toʻgʻrisida 12-modda. Davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligi prinsipi

Davlat xaridlari maqsadlar, prinsiplar va yondashuvlarning yagonaligiga, davlat xaridlari jarayoni barcha bosqichlarining yaxlitligi va oʻzaro aloqadorligiga hamda davlat xaridlari barcha subyektlarining hamkorligiga asoslanadi. Davlat xaridlarining yagonaligi va yaxlitligi: davlat xaridlarini tartibga soluvchi yagona va yaxlit normativ-huquqiy baza hamda uni bir xilda qoʻllash; davlat xaridlarining davlat xaridlari toʻgʻrisidagi barcha axborotni toʻplash, unga ishlov berish va uni tahlil qilishni hamda barcha manfaatdor shaxslarga undan foydalanishni taʼminlaydigan yagona, yaxlit va kompleks axborot tizimi mavjudligi; davlat xaridlariga oid hujjatlarni birxillashtirish; xalqaro standartlarga uygʻun tarzda tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) standartlashtirilgan yagona milliy klassifikatorini joriy etish; davlat xaridlarini rejalashtirish va amalga oshirishni, davlat xaridlari toʻgʻrisidagi shartnomalarni tuzish va ijro etishni, monitoringni va nazoratni amalga oshirishni, nizolar hamda kelishmovchiliklar ustidan shikoyat qilish va ularni koʻrib chiqishni, davlat xaridlari subyektlarining kasbiy mahorati darajasi va masʼuliyati oshirilishining tashkil etilishini taʼminlovchi yagona infratuzilmaning mavjudligi bilan taʼminlanadi.